Qora dengiz flotining 30 foizi boy berilgach, Putin HDF bosh qo‘mondonini iste’foga yubordi
Rossiya Harbiy-dengiz floti (HDF) bosh qo‘mondoni admiral Nikolay Yevmenov iste’foga chiqarildi. Bu haqda “Fontanka” o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bosh qo‘mondon vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi sifatida Shimoliy flot qo‘mondoni Aleksandr Moiseyev tayinlangan.
Nashr qayd etishicha, Moiseyevning tayinlangani haqida shaxsiy tarkibga ma’lum qilingan. Yevmenovning iste’fosi haqida “Izvestiya” gazetasi ham manbalarga tayanib yozmoqda.
HDF bosh qo‘mondonining almashtirilishi Qora dengiz flotidagi ketma-ket yirik yo‘qotishlardan keyin amalga oshmoqda. U so‘nggi bir oy ichidayoq ikkita kemasidan ayrildi, urush boshidan buyon esa jangovar qudratining deyarli uchdan birini yo‘qotdi.
Umumiy hisobda ikki yildan buyon davom etayotgan urushda Rossiya 20 ta kemasini boy berdi. Ukrainaga bostirib borishdan avval Rossiyaning Qora dengizdagi flotida 70 dan ortiq kema bor edi.
Rossiya HDF bosh qo‘mondoni o‘zgargani haqida rasman xabar berilgani yo‘q. HDF matbuot xizmati nashrlar so‘rovlariga javob bermayapti.
Sharhlar