Tramp Orban bilan uchrashuvda Kiyevga “urush olib borish uchun” pul bermasligini aytgan

Foto: Reuters

AQSHning 45-prezidenti Donald Tramp Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuvda davlat rahbari etib saylangan taqdirda, Ukrainaga pul ajratmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Vengriya hukumat rahbari gapirib berdi. Uning aytishicha, Trampda Rossiya-Ukraina nizosiga nuqta qo‘yish rejasi bor.

“Agar Donald Tramp yana prezident bo‘lsa, u yevropaliklar xavfsizligini moliyalashtirishni xohlamaydi va AQSH tomonidan Ukrainaga urush olib borish uchun mablag‘ ajratilishini qo‘llab-quvvatlamaydi”, — dedi Orban M1 telekanaliga bergan intervyusida.

Vengriya bosh vaziri so‘zlariga ko‘ra, Tramp “ushbu urushni qanday yakunlash borasida yetarlicha batafsil rejalarga ega”. Ammo u tafsilotlarni keltirmadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Viktor Orban Donald Tramp bilan Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida uchrashgan edi.

Donald Tramp va Viktor Orban uchinchi marta shaxsiy uchrashuv o‘tkazmoqda. Vengriya bosh vaziri AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden bilan biror marta uchrashmagan.

Avvalroq ushbu uchrashuv AQShning ittifoqdoshlari orasida Tramp prezident lavozimiga qaytishi ehtimoli yuzasidan xavotirni kuchaytirishi,  sobiq prezident saylovoldi poygasi chog‘ida “tashqi siyosat masalalariga tobora ko‘proq ta’sir o‘tkazayotgani”ni ta’kidlab ko‘rsatishi aytilgan edi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.