Bosh vazir Shayx Xasina qochib ketganidan keyin Bangladesh parlamenti tarqatib yuborildi
Shu tariqa, mamlakat prezidenti Shahobiddin Chuppu norozilik namoyishiga chiqqan talabalarning asosiy talabini bajardi. Prezident ma’muriyati tomonidan e’lon qilingan press-relizga ko‘ra, Xasina iste’foga chiqqanidan keyin milliy parlament muvaqqat hukumat tuzish uchun tarqatib yuborilgan.
Ayni paytda “Talabalar kamsitishlarga qarshi” harakatining yetakchisi Nohid Islom 2006-yilgi Nobel tinchlik mukofoti laureati, iqtisodchi Muhammad Yunusni muvaqqat hukumat rahbari etib tayinlashni taklif qildi. Butun dunyoga tanilgan Yunus o‘z mamlakatida “keng tan olingan”, deydi u videomurojaatida.
Bir kun avval 170 millionlik mamlakatni 15 yil boshqargan 76 yoshli Shayx Xasina Bangladeshni tark etdi. Shu kuni hukumatga qarshi namoyishchilar Xasinaning rasmiy qarorgohiga bostirib kirishdi. Bangladeshda iyul oyida boshlangan namoyishlardan beri yuzlab odamlar halok bo‘lgan, politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, faqat 5-avgust kuni namoyishchilar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda kamida 109 kishi halok bo‘lgan. Bangladeshda hukumat ishlari uchun kvota tizimini bekor qilishga chaqiruvchi namoyishlar iyul oyida boshlangan edi.
Sharhlar