Britaniyada vazn yo‘qotadigan dorini sinovdan o’tkazmoqda
Buyuk Britaniya ortiqcha vaznli bemorlarga yordam berish uchun vazn yo‘qotadigan dorini sinovdan o‘tkazishga tayyorlanmoqda.
Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Ues Striting diabetni davolash va vazn yo‘qotishga yordam berish uchun Eli Lilly tomonidan ishlab chiqarilgan Mounjaro injeksion preparatini sinab ko‘rish rejasini e’lon qildi.
Bungacha ham Mounjaro yaxshi natijalar ko‘rsatgan. JAMA Internal Medicine jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, bu dori Daniya farmatsevtika kompaniyasi Novo Nordisk tomonidan ishlab chiqarilgan Ozempic va Wegovy kabi raqobatdosh dorilarga qaraganda samaraliroq ekanligi aniqlandi.
Striting semizlikning katta iqtisodiy va tibbiy xarajatlarga ega ekanligiga e’tibor qaratib, bu kasallik bilan og‘rigan bemorlar har yili to‘rt kunlik ishni o‘tkazib yuborishini ta’kidladi. Natijada Milliy sog‘liqni saqlash tizimiga yiliga 11 milliard funt sterling moliyaviy yo‘qotish bo‘ladi.
Buyuk Britaniya hukumati sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishga ham e’tibor qaratmoqda. Masalan, bolalar uchun zararli oziq-ovqatlarni reklama qilish taqiqlanadi.
Hukumatning 2023-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, kattalarning to‘rtdan biridan ko‘prog‘i semirib ketgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2022-yilgi hisobotida aytilishicha, Britaniya semizlik darajasi bo‘yicha Yevropada Maltadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
Sharhlar