“Bu hali boshlanishi”. AQSH Navalniyning o‘limi tufayli Rossiyaga yangi sanksiyalar kiritishni davom ettiradi
AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati siyosatchi Aleksey Navalniyning o‘limi munosabati bilan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritishda davom etadi, deb yozadi CNN AQSH Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbiga tayanib.
“Kremlni Navalniyning vafoti uchun javobgarlikka tortish borasida AQSH prezidenti ma’muriyatidan ko‘proq narsa kutavering”, — dedi Kirbi jurnalistlarga. U 23-fevral kuni joriy qilingan sanksiyalar — “hali faqat boshlanishi” ekanini qo‘shib qo‘ydi.
Gap aynan qanday cheklov choralari haqida borayotganiga Kirbi aniqlik kiritmadi.
Eslatib o‘tamiz, 23-fevral kuni Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 13-paketini e’lon qildi. Qora ro‘yxatga yana 106 nafar jismoniy va 88 nafar yuridik shaxs kirdi. Bunga javoban, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yevropa institutlari va Yevroittifoq fuqarolariga nisbatan “stop-ro‘yxat” kengaytirilishini ma’lum qildi. AQSH Rossiya moliya sektoriga, mudofaa-sanoat majmuasiga, shuningdek, marhum Aleksey Navalniyning hibsga olinishiga aloqador shaxslarga nisbatan sanksiyalar haqida e’lon qildi. Keyinroq Kanada ham Rossiya qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi.
Sharhlar