Avariya tufayli butun Kuba chiroqsiz qoldi
Kubaning Matansas shahridagi mahalliy issiqlik elektr markazi ishdan chiqishi oqibatida butun mamlakat bo‘yicha elektroenergiya tizimi o‘chdi. Bu haqda Kuba Energetika va tog‘ sanoati vazirligi xabar berdi.
Elektroenergiya tizimi 18-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan 20:00 da o‘chgan. Eelektr ittifoqi uni qayta tiklash ustida ishlayotgani aytilgan.
Mamlakat prezidenti Migel Dias-Kanel Bermudes avvalroq bosh vazir Manuel Marrero Krusga orol aholisini energetika sohasidagi favqulodda vaziyat haqida xabardor qilishni topshirgan edi.
AQSH tomonidan Kubaga ilk sanksiyalar 1960-yilda kiritilgan bo‘lib, ular orolda inqilobdan keyin Amerika fuqarolari mulklari musodara qilinishiga javob chorasi bo‘lgan. Savdo-iqtisodiy blokada o‘rnatilgan, bu Kubaga mahsulot yetkazib berishga deyarli to‘liq embargodir.
Jo Bayden prezidentligi davrida AQSH sanksiyalarni kuchaytirishda davom etdi. Xususan, Venesueladan neft importi va aksilhukumat namoyishlari bostirilishi (2021-yil iyulida)ga javoban Vashington Kuba kompaniyalari va fuqarolariga sanksiyalar joriy qildi.
Sharhlar