Ekvador AQSHga Rossiya texnikasini yetkazib berish niyatidan qaytdi
Ekvador hukumati yangi texnika evaziga AQSHga Rossiya texnikasini yetkazib berish haqidagi qarorini bekor qildi, deb xabar beradi “RIA Novosti” Rossiya elchisi Vladimir Sprinchanga tayanib. Vashington Ekvadordan olingan uskunalarni Ukrainaga bermoqchi edi.
Diplomat aytib berishicha, 16-fevral kuni u Ekvador prezidenti Daniel Noboa bilan uchrashgan. Muzokaralar chog‘ida Ekvador hukumati betaraf maqomga rioya qiluvchi va BMTga doimiy a’zo mamlakat “kimdir tomonda turib o‘zini nizoga aralashtirishga yo‘l qo‘ya olmasligi”ni bildirgan.
“Ekvadorning pozitsiyasi — qaynoq zonalarga qurol va o‘q-dori yubormaslik, balki nizoni tinch yo‘l bilan, diplomatik vositalar orqali tartibga solishga yordamlashish”, — dedi Sprinchan va Kitoning Rossiya texnikasini Vashingtonga bermaslik haqidagi qarori haqida rasman kelasi hafta ma’lum bo‘lishini qo‘shib qo‘ydi.
AQSHga eski sovet texnikasini yuborish rejalari haqida Ekvador hukumati yanvar oxirida ma’lum qilgandi. Noboa uni “metallolom” deb atab, ularning yetkazib berilishi xalqaro bitimga zid emasligini ta’kidlagandi. AQSH o‘z navbatida, bu texnikani Ukrainaga bermoqchi edi.
Rossiya elchixonasi buni dushmanlarcha qadam, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi nizoga bir tomondan turib hissa qo‘shish, betaraf davlat pozitsiyasining buzilishi deb hisoblashi haqida ogohlantirdi.
Diplomatik nizo fonida Rossiya fevral boshida Ekvadordan banan eksportini cheklab qo‘ydi.
Sharhlar