Toshkent dunyoning eng qimmat shaharlari reytingida 201-o‘rinni egalladi

Foto: kun.uz

Numbeo tahlil agentligi dunyoning eng qimmat shaharlari reytingini yangiladi. Yuqori uchlikka Jeneva, Syurix va Nyu-York kirdi. Ro‘yxatdan dunyoning jami 218 ta shahri o‘rin oldi.

Top 20 talikka AQSHning 12 ta shahri kirdi. Shuningdek, London 13 va Singapur 18-o‘rinni egalladi.

Reytingga Markaziy Osiyoning to‘rtta shahri kirdi, bular — Olmaota (164), Ostona (176), Bishkek (197) va Toshkentdir (201-o‘rin).

Rossiya shaharlari 100-o‘rindan keyingi pog‘onalarni egalladi. Shu bilan birga, Istanbulda yashash Moskvadagidan sal qimmatroq bo‘lib chiqdi, ular tegishli ravishda 136 va 137-o‘rinlarni band etdi. Ukrainaning bir nechta shaharlari Toshkentdan oldin va keyinda joylashdi. Eng oxirgi o‘rinlar esa asosan Hindiston va Pokiston shaharlari tomonidan band etildi.

Reytingni tuzishda yashash narxi, ijara haqi, oziq-ovqat xarajatlari, restoranlardagi narxlar hamda mahalliy xarid qobiliyati omillari hisobga olingan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.