Erdo‘g‘on: Turkiya Liviya va Qorabog‘ga kirgani kabi, Isroilga ham kirishi mumkin
Turkiya “o‘z vaqtida Liviyaga va Tog‘li Qorabog‘ga kirgani kabi” Isroilga ham kirishi mumkin, deya ma’lum qildi mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on. U, shuningdek, “buni qilmasligimiz uchun hech qanday sabab yo‘q”ligini aytdi, deb yozadi “Kommersant”.
Bundan tashqari, o‘z partiyasining Rize viloyatidagi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘zlagan nutqida Erdo‘g‘on Falastin rahbari Mahmud Abbos Turkiya tomonining respublika parlamentida chiqish qilish taklifiga javob bermaganini qayd etdi. Avvalroq Turkiya prezidenti Falastin rahbarini Anqara tashabbusini e’tiborsiz qoldirgani uchun uzr so‘rashga chaqirgan edi.
2020-yilda Turkiya Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlab, Armanistonning Tog‘li Qorabog‘dagi xatti-harakatlarini qoralagan edi. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘shanda “Rossiya va Turkiyaning qo‘shma tinchlikparvarlik missiyasi” haqida ma’lum qilgan edi. Rossiya Qorabog‘da faqat rossiyalik tinchlikparvarlar bo‘lishini, Turkiya bilan hamkorlik esa Ozarbayjon hududidagi monitoring markazi doirasida amalga oshirilishini aytgandi. 2023-yil noyabrida Turkiya parlamenti respublika qurolli kuchlarining Ozarbayjondagi missiyasini bir yilga uzaytirgandi, ualr Qorabog‘ nizosi hududida o‘t ochish va jangovar harakatlarni to‘xtatish rejimini nazorat qilgan.
2020-yil yanvarida Erdo‘g‘on Liviya Milliy rozilik hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun u yerga qo‘shinalr yuborilishini e’lon qildi. Liviya rahbari Muammar Qaddafiy o‘ldirilgach, Liviya parchalanib ketdi. Mamlakat g‘arbida Milliy rozilik hukumati (hozirgi Milliy birlik hukumati), sharqda esa Liviya milliy armiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2023-yil noyabrida Turkiya harbiy kontingentining Liviya bo‘lib turish muddatini uzaytirdi.
Sharhlar