Eronda hukumatga qarshi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlagan reper Tumaj Salohiy o‘limga hukm qilindi

Фото: Insider

Eronda Islom inqilobiy sudi mamlakatda hukumatga qarshi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlagan 33 yoshli taniqli reper Tumaj Salohiyni o‘lim jazosiga hukm qildi, deb yozadi Reuters.

Musiqachi 2022-yil oktabrida, namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlab omma oldida chiqish qilganidan keyin qo‘lga olingandi. Salohiy “Yerda korrupsiyani tarqatganlik”da ayblandi, buning uchun o‘lim jazosigacha bo‘lgan jazo ko‘zda tutilgan.

2023-yilda reperga olti yil-u uch oylik qamoq tayinlangan, u Eron Oliy sudi qarori bilan o‘lim jazosidan qutulib qolgan edi.

2024-yil 24-aprel kuni reperning advokati Amir Raisiyan Eronning “Sharq” gazetasiga ma’lum qilishicha, Isfaxon shahridagi inqilobiy sudning birinchi filiali Oliy sud qaroriga qaramay, reperni oliy jazoga mahkum qilgan. U hali qonuniy kuchga kirmagan hukm yuzasidan shikoyat qilishga va’da berdi.

Eronda ommaviy namoyishlar 2022-yil sentabrida 22 yoshli Mahsa Aminiy hijobni “noto‘g‘ri” o‘ragani uchun axloq politsiyasi tomonidan qo‘lga olinib, so‘ng vafot etganidan keyin boshlangandi. Noroziliklar bir necha oy davom etgan, to‘qnashuvlarda yuzlab odamlar halok bo‘lgan edi. Namoyish ishtirokchilarining ko‘pchiligi hibsga olingan va qatl etilgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.