Etna vulqoni otilishi oqibatida 10 kilometrlik kul buluti hosil bo‘ldi
Iyul boshidan buyon Etna vulqoni beshinchi marta otilishi oqibatida 10 kilometrlik kul buluti hosil bo‘ldi, deb xabar bermoqda Euronews.
Vulqon otilishi Vorajine kraterida 4-avgust kuni yuz berdi. Oqibatda yaqinda joylashgan Kataniya aeroportida reyslar bekor qilindi.
Viagrande, Trekastanyi va Zafferan munitsipalitetlarida yer kul bilan qoplandi. Mintaqada favqulodda holat e’lon qilindi. Yetkazilgan zarar miqdorini baholash davom etmoqda, ammo dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kulni yig‘ib olish, olib ketish va utilizatsiya qilish 15 million yevroga baholanmoqda.
Kul tufayli jabrlangan fuqarolar borligi aytilmoqda.
Etna vulqoni Sitsiliyaning sharqiy sohillarida joylashgan bo‘lib, uning balandligi 3329 metrga teng. U Yevropadagi eng yirik uyg‘oq vulqon va dunyodagi eng faollaridan biri hisoblanadi.
Sharhlar