Kuleba: F-16 qiruvchilari Ukraina osmonida yoz o‘rtalarida paydo bo‘ladi

Foto: Reuters

F-16 qiruvchi samolyotlari Ukraina osmonida kelayotgan yoz o‘rtalaridayoq paydo bo‘lishi kerak, hozircha hammasi reja bo‘yicha ketmoqda. Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Varshavadagi brifingda aytib o‘tdi, deb yozadi BBC.

“Dastlab F-16 Ukraina osmonida yoz o‘rtalarida paydo bo‘lishi rejalashtirilgan edi. Ayni paytda hammasi reja bo‘yicha ketmoqda. Biroq, albatta, bu juda murakkab va chalkash masala, shuning uchun hamma narsa o‘zgarib ketishi mumkinligini hech qachon bilib bo‘lmaydi. Ammo ayni paytda grafik shunaqa. Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, uchuvchilarni tayyorlash yaxshi bormoqda”, — dedi tashqi ishlar vaziri.

U Ukrainaning uchuvchilar va muhandislarni tayyorlayotgan sheriklarining rolini alohida ta’kidlab o‘tdi.

“Albatta, nafaqat uchuvchilar, balki muhandislar va texnik xodimlar uchun ham yanada ko‘proq mashg‘ulotlar talab etiladi, chunki sovet turidagi samolyotlardan G‘arb turidagi samolyotlarga o‘tish hamma narsada, ta’limda, logistikada, havo janggi falsafasida va boshqa ko‘plab unsurlarda jiddiy o‘zgarishlarni talab etadi”, — deya qo‘shib qo‘ydi Kuleba.

Avvalroq Joriy yozgacha, Daniya, Buyuk Britaniya va AQShda 10 oylik tayyorgarlikdan o‘tgan 12 nafar ukrainalik uchuvchi F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarishga tayyor bo‘lishi xabar berilgan edi.

Daniya, Niderlandiya, Norvegiya va Belgiya Ukrainaga 45 ga yaqin qiruvchi samolyot jo‘natishga va’da berishdi – bu uchta kichik eskadrilya uchun yetarli. Daniya birinchi oltita F-16 ni bahor oxirigacha yuborishga va’da berdi, yana 13 tasi yil oxirigacha va 2025 yilda yetib borishi kerak. Boshqa mamlakatlar etkazib berish sanalari haqida hali ham bir qarorga kelmagan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.