Finlyandiya RF bilan chegaradagi ikkita o‘tkazish punktini yopdi
Finlyandiyada 24-oktyabrdan boshlab Rossiya bilan chegaradagi “Parikkala” va “Inari” vaqtinchalik nazorat-o‘tkazish punktlari yopildi. Hozirda ushbu nazorat-o‘tkazish punktlari to‘liq yopilgan, deya xabar beradi Deutsche Welle.
Birinchi o‘tish joyida harakat 2022-yilda Rossiya yog‘ochlarini eksport qilish cheklovlari tufayli, ikkinchisida esa 2021-yilda to‘xtatilgan edi. Departament bayonotida aytilishicha, rasmiylar nazorat-o‘tkazish punktini to‘liq yopish uchun barcha choralarni ko‘radi, jumladan, chegara o‘tish joyini bildiruvchi belgilarni demontaj qiladi.
Finlyandiya 2023-yil noyabr oyi o‘rtalaridan boshlab Rossiyadan tranzit o‘tayotgan va boshpana so‘rab kelayotgan Yaqin Sharq davlatlaridan kelayotgan muhojirlar oqimi tufayli Rossiya bilan chegaradagi boshqa nazorat-o‘tkazish punktlarini ham yopishni boshladi. Chegara dastlab 14-dekabrgacha yopiq edi. Keyinchalik, qisqa ochilishdan so‘ng, o‘tish taqiqi yanvar oyining o‘rtalariga qadar, keyin esa yana bir oyga uzaytirildi.
Avvalroq, 27-sentyabr kuni mamlakat mudofaa vaziri Antti Xyakkyanen Finlyandiya Rossiya chegarasidan 200 kilometrdan kamroq masofada joylashgan Mikkeli shahrida NATO qo‘mondonlik bazasi tashkil etilishini ma’lum qilgan edi. “Biz NATOning to‘laqonli a’zomiz va NATO Finlyandiya mudofaasi uchun ham juda muhim”, – degandi Xyakkyanen.
Sharhlar