Fransiya G‘arb mamlakatlarida Rossiya propagandasini tarqatuvchi 193 ta saytdan iborat tarmoqni aniqladi

Фото: iStock

Fransiyaning chet el raqamli aralashuvidan himoya uchun mas’ul bo‘lgan VIGINUM hukumat agentligi G‘arb mamlakatlarida Rossiya propagandasini tarqatuvchi “tizimlashtirilgan va muvofiqlashtirilgan” veb-saytlar tarmog‘ini aniqlaganini ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.

Tarmoq kamida 193 ta saytdan iborat. Dastlab ular Ukraina va Rossiya aholi punktlaridan yangiliklar joylashtirib borgan, ammo istilo boshlangach, tarmoq Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydigan G‘arb mamlakatlari, shu jumladan, Fransiya aholisiga qayta moslashgan.

Agentlik qayd etishicha, Portal Kombat deb nom berilgan tarmoq Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga bostirib kirishini oqlaydigan va Ukraina rahbariyatini obro‘sizlantiradigan materiallarni chop qiladi.

Shu bilan birga, saytlar o‘z kontentini yaratmaydi, balki uchta turdagi manbalar: rossiyalik yoki rossiyaparast arboblar ijtimoiy tarmoqlari, shuningdek, Rossiya axborot agentliklari va hukumat organlari xabarlarini tarqatadi. 2023-yil 23-iyundan 19-sentyabrgacha ushbu saytlarda 150 mingdan ortiq material e’lon qilingan.

Shuningdek, agentlik e’tibor qaratishicha, tarmoqqa kiruvchi saytlar bir-biriga juda o‘xshash. Ularning ba’zilari domen nomi sifatida “pravda” so‘zidan foydalanadi, masalan, ingliz tilidagi sayt uchun pravda-en.com, fransuz tilidagisi uchun pravda-fr.com.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.