Fransiya TIV Navalniyning o‘limi tufayli Rossiya elchisini chaqirtirdi
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Aleksey Navalniyning o‘limi munosabati bilan Rossiya elchisi Aleksey Meshkovni vazirlikka chaqirdi. Bu haqda muassasa rahbari Stefan Sejurne ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.
“Men bugun (19-fevral kuni) Rossiya elchisini chaqirishni so‘radim”, — dedi Fransiya TIV rahbari Argentinaga safari chog‘ida.
Avvalroq ushbu sabab yuzasidan Finlyandiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Ispaniya va Shvetsiya Tashqi ishlar vazirliklari ham Rossiya elchilarini chaqirtirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 16-fevral kuni Yamal-Nenets muxtor okrugi bo‘yicha Jazolarni ijro etish federal xizmati Aleksey Navalniy Xarp qishlog‘idagi “Polyarniy volk” koloniyasida vafot etganini ma’lum qildi. Muassasa talqiniga ko‘ra, siyosatchi sayrdan keyin o‘zini yomon his qilgan. RT propaganda telekanalining manbasi Navalniy o‘limining sababini tromb uzilib ketishi bilan izohladi.
Avvalroq Yevroittifoq va AQSh yetakchilari RF prezidenti Vladimir Putin Aleksey Navalniy qamoqxonada vafot etgani uchun javobgar bo‘lishini ma’lum qilgandi. Kremldagilar buni izohlar ekan, sudtibbiyekspertlar xulosalari hali bo‘lmagani sababli, bayonotlarni “haddidan oshish va mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan” deb atadi.
Yevroittifoqning xorijiy masalalar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Rossiya Aleksey Navalniyning “to‘satdan yuz bergan o‘limi yuzasidan mustaqil va shaffof xalqaro surishtiruv o‘tkazishga imkoniyat yaratishi” kerakligini aytdi.
Sharhlar