“Hafsalangiz pir bo‘lishi mumkin, ammo u haqiqatan ham trombdan vafot etgan”. Ukraina harbiy razvedkasi rahbari — Navalniyning o‘limi haqida
Ukraina Mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy koloniyada tabiiy ravishda — tromb tufayli vafot etganini ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.
“Hafsalangiz pir bo‘lishi mumkin, ammo bizga shu narsa ma’lumki, u haqiqatan ham tromb tufayli vafot etgan. Bu qandaydir darajada tasdiqlangan. Bu internetdan olingan ma’lumot emas, lekin, afsuski, tabiiy o‘lim”, — dedi RBB rahbari “Ukraina. 2024-yil” forumida. U boshqa tafsilotlarga to‘xtalmadi.
Rossiya Jazolarni ijro etish federal xizmati Aleksey Navalniy 16-fevral kuni Yamal-Nenets muxtor okrugi Xarp qishlog‘idagi “Polyarniy volk” koloniyasida vafot etgani haqida xabar berdi. Muassasa ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi sayrdan keyin o‘zini yomon his qilib, darhol hushini yo‘qotgan. RT propaganda kanali manbasi qayd etishicha, uning o‘limiga tromb yorilishi sabab bo‘lgan. Koloniyada Aleksey Navalniyning onasiga u “to‘satdan o‘lim sindromi”dan vafot etganini aytishgan. Lyudmila Navalnayaga berilgan o‘lim haqidagi tibbiy xulosada o‘lim sababi sifatida “tabiiy sabablar” keltirilgan.
Aleksey Navalniyning jasadi to‘qqiz kun davomida uning qarindoshlariga berilmadi. Tergovchilar siyosatchining onasini shantaj qilib, jasad berilishi uchun o‘z shartlarini keltirdi. Xususan, ular Navalniyning dafn marosimi haqidagi ma’lumotni sir tutishni talab qilib, aks holda siyosatchini koloniya hududiga dafn etish bilan tahdid qildi. 24-fevral kuni kechqurun Navalniyning jasadi onasiga berildi.
Sharhlar