AFP: Makkaga haj ziyorati chog‘ida 577 kishi halok bo‘lgan
Saudiya Arabistoniga haj safarini amalga oshirgan ziyoratchilarning 577 nafari halok bo‘lgan, deb xabar bermoqda AFP agentligi o‘z manbalariga tayanib. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 323 nafari Misr fuqarolari bo‘lib, Makkadagi jazirama oqibatidagi kasalliklardan vafot etgan. Yana 60 kishi iordaniyaliklar bo‘lgan.
Misrlik mansabdor AFP’ga ma’lum qilishicha, qurbonlar sonining ko‘pligi haj bo‘lib o‘tayotgan sharoitlar va yuzaga kelayotgan tiqilinchlar bilan bog‘liqdir. Ziyoratchilarning ko‘pchiligi ro‘yxatdan o‘tmagan, natijada ular kelganidan keyin haj ishtirokchilari yashayotgan lagerlar haddan tashqari to‘lib ketgan. Bu yil 1,83 million kishi haj ziyoratini amalga oshirgan bo‘lib, shularning 1,6 million — chet elliklar.
Agentlik manbalari so‘zlariga ko‘ra, haj chog‘ida ziyoratchilar uzoq vaqt ovqatsiz, suvsiz va konditsionerlarsiz yashagan. Shuningdek, ularning jaziramadan saqlanadigan boshpanasi ham bo‘lmagan. Ta’kidlanishicha, Makkada diniy marosimlaramalga oshiriladigan hududda harorat har o‘n yilda 0,4 darajaga ko‘tarilmoqda. 17-iyun kuni Makkadagi Katta masjidda harorat 51,8 darajaga teng bo‘lgan.
Haj 14-iyun kuni boshlangan bo‘lib, 19-iyungacha davom etadi. 16-iyun kuni Saudiya Arabistoni TIV jazirama tufayli 2 mingdan ortiq ziyoratchi kasalxonaga yotqizilganini ma’lum qilgandi. 17-iyun kuni esa idora 14 nafar irodaniyalik ziyoratchi halok bo‘lib, 17 kishi bedarak yo‘qolganini xabar qildi. O‘shandan buyon jabrlanganlar va halok bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlar yangilangani yo‘q. 2023-yilda esa haj ziyoratchilarining 240 nafari vafot etgan.
Sharhlar