HAMAS AQSH tomonidan taklif qilingan sulh rejasiga rozi bo‘ldi — OAV
Falastinning HAMAS harakati AQSH tomonidan taklif qilingan, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejasiga rozi bo‘ldi. Yaqin kunlarda HAMAS vakillari sulhning yakuniy tafsilotlarini muhokama qilish uchun Qohiraga boradi. Bu haqda Al Arabiya telekanali o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish uchun qo‘lga olingan asirlarning bir qismini — bolalar, ayollar va qariyalarni ozod etishi kerak bo‘ladi. AQSH tashabbusi, shuningdek, G‘azo sektoriga asta-sekinlik bilan u yerdan ko‘chirib yuborilgan falastinliklarni qaytarishni nazarda tutadi. HAMAS ushbu xabarlar yuzasidan rasmiy izoh berganicha yo‘q.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi vakili Majid al-Ansoriy Al Arabiya’ga ma’lum qilishicha, Isroil va HAMAS jangovar harakatlarni to‘xtatish va asirlarni ozod qilish haqidagi kelishuvga hali yaqin kelgani yo‘q. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar ishtirokchilari Ramazon oyi oxiriga qadar kelishib olishga umid qilmoqda.
Qohirada 3—7-mart kunlari bo‘lib o‘tgan so‘nggi muzokaralarda HAMAS va Isroil kelishuvga erisha olmagandi. O‘shanda Falasin harakati siyosiy idorasi a’zosi G‘ozi Hamad muzokaralarni nojiddiy deb atagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS muloqotga tayyor bo‘lsa-da, Quddus harakatning talablarini bajarishdan bosh tortmoqda.
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush 2023-yil 7-oktabrda harakatning Isroil hududiga hujumi bilan boshlangan edi. 1,2 ming odam o‘ldirilgan, 5,4 ming kishi yaralangan, 200 dan ortiq isroilliklar va xorijliklar HAMAS tomonidan asirga olingan edi.
Sharhlar