Ispaniyada kuchli suv toshqinlari oqibatida 50 dan ortiq kishi halok bo‘ldi

фото: centralasia.media/news

Ispaniyaning Valensiya hududida kuchli yomg‘ir va do‘l tufayli yuzaga kelgan suv toshqinlari kamida 51 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda mahalliy hokimiyatga tayanib, BBC xabar beradi.

Hududiy hukumat rahbari Karlos Mazonning aytishicha, jabrlangan hududlarda qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda, hozircha halok bo‘lganlarning aniq sonini aniqlash imkoni yo‘q. O‘nlab kishilar hanuz bedarak yo‘qolgan, televidenie va radiostantsiyalarga suv toshqini ostida qolgan odamlardan yuzlab qo‘ng‘iroqlar kelmoqda.

Shuningdek, politsiya odamlardan bedarak yo‘qolganlar haqida xabar berishni so‘rab “qaynoq” telefon liniyasini tashkil qilgan. Bundan tashqari, rasmiylar ayrim jabrlangan hududlar aholisiga uylarini tark etmaslikni tavsiya qilmoqda.

“Deyarli barcha katta va kichik yo‘llar yopilgan, – deydi hukumat rasmiysi Pilar Bernabe, – shuning uchun ko‘chaga chiqmaslik talabi shunchaki tavsiya emas, bu suv toshqinlari va toshqinlar tufayli qolib ketgan odamlarning, ularga yordamga borayotganlarning xavfsizligi uchun zarur kafolatdir”, – deyiladi xabarda.

Ispaniyalik meteorologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Valensiyada bor-yo‘g‘i sakkiz soat ichida 491 mm yog‘ingarchilik yoqqan, bu taxminan yillik normaga to‘g‘ri keladi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.