Netanyaxu: Isroil AQSH ko‘magisiz ham HAMAS bilan kurashishga qodir
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat armiyasining G‘azo sektoridagi Rafah shahriga hujumi tufayli AQSH bosimni kuchaytirayotganiga qaramasdan, Isroil HAMAS bilan kurashni davom ettirishini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Bunday bayonotni u AQSH tomonidan harbiy yordam to‘xtatilishi fonida e’lon qildi.
Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, AQSHdan qurol yetkazib berilishiga kuchli bog‘liq bo‘lgan Isroil “tirnoqlari bilan kurashadi”. “Agar yolg‘iz o‘zimiz kurashishimizga to‘g‘ri kelsa, yolg‘iz o‘zimiz kurashamiz. Avval ham aytganimdek, agar to‘g‘ri kelsa, tirnoqlarimiz bilan kurashamiz”, — dedi Netanyaxu xalqqa videomurojaatida.
Shuningdek, u Isroil davlati tuzilgach, BMT mamlakatga qurol yetkazishga embargo qo‘yganini, ammo Isroil baribir 1948-yilgi arab-isroil urushida mustaqillikka erishishga muvaffaq bo‘lganini eslatdi. Isroil bosh vaziri mamlakat hozir “ancha kuchaygani”ni ta’kidladi.
2023-yil 7-oktabrdan buyon Isroil va Falastinning HAMAS harakati o‘rtasida urush davom etmoqda. Shu hafta Isroil harbiylari “Rafah” o‘tkazish-nazorat punktining Falastin qismi ustidan nazorat o‘rnatdi. Shundan keyin AQSH prezidenti Jo Bayden agar Isroil armiyasi Rafahga kirsa, AQSH unga qurol yetkazib bermasligini ma’lum qildi. Pentagon o‘sha kuniyoq Isroilga harbiy yordam to‘xtatilganini tasdiqladi.
Sharhlar