Italiya, Kanada, Belgiya bosh vazirlari va Yevrokomissiya rahbari birdamlik belgisi sifatida Kiyevga keldi
Italiya, Kanada, Belgiya bosh vazirlari, shuningdek, Yevrokomissiya rahbari bugun, 24-fevral kuni Kiyevga yetib keldi, deb xabar bermoqda “Kommersant”. Italiya hukumati bayonotida aytilishicha, ularning jangovar harakatlar boshlanganiga ikki yil to‘ladigan paytdagi tashrifi Ukraina bilan birdamlik belgisi sifatida amalga oshirilgan.
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo, Belgiya bosh vaziri Aleksandr De Kroo va Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen Kiyevga birgalikda tungi vaqtda Polshadan poyezd orqali kelgan.
Bugun Jorja Meloni Kiyevda turib videokonferensiya formatida G7 yetakchilari uchrashuvini o‘tkazishi kerak. Uchrashuvda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy nutq so‘zlaydi. Sammitning bosh mavzusi Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘ladi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra qo‘shma bayonot e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 23-fevral kuni Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 13-paketini e’lon qildi. Qora ro‘yxatga yana 106 nafar jismoniy va 88 nafar yuridik shaxs kirdi. Bunga javoban, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yevropa institutlari va Yevroittifoq fuqarolariga nisbatan “stop-ro‘yxat” kengaytirilishini ma’lum qildi. AQSH Rossiya moliya sektoriga, mudofaa-sanoat majmuasiga, shuningdek, marhum Aleksey Navalniyning hibsga olinishiga aloqador shaxslarga nisbatan sanksiyalar haqida e’lon qildi. Keyinroq Kanada ham Rossiya qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi.
Sharhlar