Janubiy Koreya KXDRning Ukrainaga armiya jo‘natish rejalari haqida bildirdi
Shimoliy Koreya Rossiyani qo‘llab-quvvatlash uchun Ukrainaga muntazam qo‘shinlarini yuborishi mumkin, dedi Janubiy Koreya mudofaa vaziri Kim Yon Xyon parlamentda chiqishi chog‘ida. U iyun oyida Vladimir Putinning KXDRga tashrifi chog‘ida Moskva va Pxenyan o‘rtasida imzolangan har tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga to‘xtalib o‘tdi. Ushbu hujjatda tomonlardan biriga hujum sodir bo‘lgan taqdirda harbiy yordam ko‘rsatish qoidalari ham mavjud.
“Rossiya va Shimoliy Koreya harbiy ittifoqqa o‘xshash o‘zaro kelishuvni imzolagani bois, bunday joylashtirish ehtimoli katta”, – deya vazirning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Yonhap agentligi. Kim Yon Xyon, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlarining Donetsk oblastining bosib olingan qismiga bergan zarbasi natijasida olti nafar shimoliy koreyalik zobitning halok bo‘lgani haqidagi ma’lumot haqiqat bo‘lishi mumkinligini aytdi.
4-oktyabr kuni Kyiv Post gazetasi Ukraina razvedkasiga tayanib, Ukraina Qurolli kuchlarining Donetsk oblastidagi Rossiya harbiy obуektiga raketa zarbasi uyushtirishi natijasida 20 dan ortiq harbiy xizmatchi, jumladan, olti nafar shimoliy koreyalik zobit halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Yana uch nafar Shimoliy Koreyalik askar yaralangan. Nashrning yozishicha, zarba berishdan oldin Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari shimoliy koreyalik mehmonlarga Rossiya qo‘shinlarining hujum va mudofaa harakatlariga tayyorgarligi ko‘rgazmasini taqdim etgan.
Sharhlar