Janubiy koreyalik shifokorlar norozilik belgisi sifatida yoppasiga ishga chiqmadi
Janubiy Koreyada qariyb 8 ming nafar stajyor shifokorlar hukumatning tibbiyot universitetlarida o‘rinlar sonini oshirish haqidagi qaroriga norozilik belgisi sifatida ishga chiqmadi. Hukumat shu tariqa shifokorlar yetishmovchiligini kompensatsiya qila olishiga ishonmoqda, ammo tibbiyot xodimlari, o‘z navbatida, “o‘z qadr-qimmatini yo‘qotishdan qo‘rqmoqda”, deb yozadi Bloomberg.
Sog‘liqni saqlash vazirligi 21-fevral kuni xabar qilishicha, 7813 nafar stajyor shifokorlar o‘z ish joylarini tark etgan. Shuningdek, tibbiyot xodimlari ishdan bo‘shash haqida 8816 ta ariza yozgan, ammo ular qabul qilinmagan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab shoshilinch yordam berishda asosiy rolni o‘ynaydigan 13 mingga yaqin shifokor bor.
Prezident Yun Sok Yol shifokorlar tanqisligini kamaytirish maqsadida 2025-yildan tibbiyot maktablaridagi o‘rinlarni hozirgi 3085 tadan yana ikki mingtaga oshirmoqchi. Natijada tibbiyot mutaxassislari soni oshadi. Bu Janubiy Koreya uchun dolzarb mavzudir, chunki mamlakat demografik inqirozga yuzlashmoqda.
Shu bilan birga, Janubiy Koreya shifokorlari dunyo bo‘yicha eng ko‘p maosh oladi va yuqori qadr-qimmatga ega. Agar shifokorlar ko‘paysa, ularning maoshi tushib ketishi mumkin, deb hisoblaydi norozilik bildirayotgan tibbiyot xodimlari.
Sharhlar