Eron Damashqdagi elchixonasiga Isroil tomonidan hujum qilingach, javob zarbasi berish huquqi borligini bildirdi
Eron Damashqdagi elchixonasiga qilingan hujum uchun Isroilga qat’iy javob qaytarish huquqiga ega. Bu haqda Eronning BMTdagi doimiy vakolatxonasi BMT bosh kotibi va Xavfsizlik kengashi raisiga yuborgan xatda aytiladi.
Diplomatik missiya Isroilning xatti-harakatlarini terrorchilik hujumi deb atab, u BMT ustaviga zid ekanini ta’kidladi. Shuningdek, xatda hujumni qoralash va voqea yuzasidan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazish so‘raldi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi esa zarba uchun mas’uliyatni AQSHning zimmasiga yukladi, chunki u, Tehron qayd etishicha, “sionistik rejim” tarafdoridir.
Eslatib o‘tamiz, Isroil aviatsiyasi Eronning Damashqdagi elchixonasiga zarba berdi, oqibatda Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK)ning “Al-Kuds” bo‘linmasi komandiri general Muhammad Rizo Zohidiy halok bo‘ldi. Yana bir general Muhammad Hodi Hoji Rahimiy va korpusning boshqa besh a’zosi ham halok bo‘ldi.
BMT Xavfsizlik kengashi 2-aprel kuni ushbu hujumga bag‘ishlangan majlisini o‘tkazadi.
Sharhlar