JQQT: RF Ukrainaning tinch aholisiga qarshi jinoyatlarni sodir etmoqda
Jahon qiynoqlarga qarshi tashkiloti (JQQT) Rossiya armiyasi va Rossiya hukumatini 2022-yilda Ukraina oblastlarida tinch aholiga qarshi sodir etilgan insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybladi. Bu haqda tashkilotning yangi hisobotida so‘z boradi, deya xabar beradi DW.
Hujjat JQQT tomonidan ukrainalik hamkorlar – “Inson huquqlari bo‘yicha media tashabbusi” va ZMINA Inson huquqlari markazi bilan birgalikda tayyorlangan.
Unda rossiyaliklar tomonidan Ukrainaning vaqtincha bosib olingan oblastlarining tinch aholiga qarshi jinoyatlari keng tarqalganligi, xususan, tizimli ravishda hibsga olishlar, qiynoqlar, jinsiy zo‘ravonlik va odamlarning g‘oyib bo‘lishi kabi jinoyatlar haqida xabar berilgan.
So‘z alohida holatlar haqida emas, balki Rossiya davlatining eng yuqori darajasida tashkil etilgan keng ko‘lamli va muvofiqlashtirilgan tadbirlar va maqsadli siyosat haqida bormoqda, deydi hisobot mualliflari.
Ruhiy va jismoniy holatida aks etadigan uzoq muddatli oqibatlar
Hujjatda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining birinchi yili – 2022-yilning fevralidan oktyabrigacha bo‘lgan davri o‘rganilgan hamda 63 qurbon va guvohlar bilan suhbatlarga asoslangan. 38 ta holatda qiynoqlar qo‘llanilgan, respondentlarning 18 foizi jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan.
Ko‘pgina intervyu ishtirokchilari ular bilan sodir bo‘lgan voqeani hayotlaridagi eng dahshatli davr deb atashgan. Tajriba qurbonlarning ruhiy va jismoniy holatida aks etidigan uzoq muddatli oqibatlarni ko‘rsatdi, bu og‘ir vazn yo‘qotishiga, o‘z joniga qasd qilishga urinishlarga va ba’zi hollarda qiynoqlar yoki shafqatsiz munosabat tufayli o‘limga olib kelgan.
Rossiyaliklar tomonidan jinoyatlar Kiyev, Chernigov, Zaporojye, Xerson, Xarkov va Donetsk viloyatlarida sodir etilgan.
Rossiya bu inson huquqlari buzilishini to‘xtatishi kerak, deyiladi JQQT o‘z veb-saytida e’lon qilgan bayonotda.
Mualliflar, shuningdek, Ukraina, Xalqaro jinoiy sud va butun xalqaro hamjamiyatni qiynoqlar va shafqatsiz munosabat holatlarini tekshirish, ushbu jinoyatlar uchun aybdorlarni javobgarlikka tortish, xalqaro huquqiy mexanizmlar orqali adolatni ta’minlash uchun zudlik bilan aralashishga chaqirgan.
Sharhlar