Putinning kursdoshi Rossiya Oliy sudi raisi etib tayinlandi

Foto: Getty Images

Rossiya Federatsiya kengashi Irina Podnosovani mamlakat Oliy sudi raisi etib tasdiqladi, deb xabar beradi DW. Uning ushbu lavozimga tayinlanishini yoqlab 167 nafar senator bir ovozdan ovoz berdi.

Avvalroq 70 yoshli Podnosovaning nomzodi Oliy sudi raisligiga Rossiya Sudlar oliy malakaviy kollegiyasi tomonidan tavsiya etilgan, 8 kundan keyin esa Federatsiya kengashiga taqdimotni Vladimir Putin kiritgan edi. Federatsiya kengashi majlisi chog‘ida Podnosova Oliy sudni Moskvadan Sankt-Peterburgga ko‘chirish niyatini ma’lum qildi.

Rossiya Oliy sudi raisi lavozimi Vyacheslav Lebedevning vafotidan keyin bo‘shagan edi, u esa bu lavozimni 1991-yildan buyon egallab kelgandi.

Irina Podnosova Leningrad universiteti huquqshunoslik fakultetida Vladimir Putinning kursdoshi bo‘lgan. 1990-yillardan u Leningrad viloyati Luga shahar sudida sudya bo‘lib ishlagan, keyinroq Leningrad viloyat sudida rahbarlik lavozimlarini egallagan.

2020-yilda Podnosova Oliy sud iqtisodiy kollegiyasi rahbari etib tayinlangan. Manbalarga ko‘ra, Podnosova Rossiya sud tizimida nufuzli shaxs hisoblanadi, chunki “uning ortida kim turganini hamma tushunadi”.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.