Rossiya prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Kiriyenko Avdeyevkaga bordi
Rossiya prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Sergey Kiriyenko Ukrainaning Donetsk viloyatida joylashgan 2024-yil fevralida Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Avdeyevka shahriga keldi, deb yozadi Meduza.
Kiriyenkoning tashrifi haqida 12-mart kuni ertalab DXR rahbari Denis Pushilin xabar berdi, ammo safar aynan qachon amalga oshirilganiga aniqlik kiritmadi. Pushilinning so‘zlariga ko‘ra, ular Kiriyenko bilan birgalikda “Avdeyev koks kimyosi zavodini ko‘zdan kechirgan, aholi bilan muloqot qilgan, gumanitar yordamni topshirgan”.
Pushilin yozishicha, Avdeyevka aholisi “ularga tizimli non yetkazib berilishi, shuningdek, ballonlarda gaz va generatorlar uchun benzin yetishmayotgani”ni aytgan.
“Bundan tashqari, odamlar Rossiya prezidenti saylovlarida qanday ovoz berish mumkinligi bilan qiziqdi. Avdeyevka aholisi o‘zlarining saylovda qatnashish huquqlarini amalga oshira olishi uchun barcha zarur imkoniyatlarni yaratganmiz — buni barcha xohlovchilar amalga oshirishi mumkin!” — dedi u.
Sergey Kiriyenko Rossiya prezidenti administratsiyasida ichki siyosatni boshqaradi. Avvalroq u LXR va DXRga ko‘p bora tashrif buyurgan. Shuningdek, Kiriyenko Xerson viloyatining bosib olingan qismiga va Zaporojye AESga kelgani haqida ham xabar berilgan edi.
Sharhlar