Putinning amakivachchasi 91 yoshida vafot etdi

Фото: НТВ

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning amakivachchasi Yevgeniy Putin 91 yoshida vafot etdi, deb xabar beradi IvanovoNews. Uning o‘g‘li “Gazprom” raisi o‘rinbosari, qizi esa Rossiyaning eng yirik ko‘mir kompaniyalaridan biriga egalik qiladi.

Yevgeniy Putin nima sababdan va qanday vaziyatda hayotdan ko‘z yumgani noma’lum. Fevral oxirida u 91 yoshga kirgan, tug‘ilgan kunini o‘g‘li Mixailning Suzdaldagi uyida nishonlagan. Dafn marosimi 10-mart kuni bo‘lib o‘tgan.

Yevgeniy Putinning oilasi 2002-yil oxirigacha Ivanovoda yashagan, Putin hokimiyat tepasiga kelgach, Moskvaga ko‘chib o‘tgan. Uning o‘g‘li Mixail “Gazprom” boshqaruv raisi o‘rinbosari bo‘lib, kompaniya boshqaruv kengashiga kiradi. Dmitriy Peskov uni Putinning “uzoq qarindoshi” deb atagan va ular muloqot qilmasligini aytgandi.

Yevgeniy Putinning qizi Anna esa Kemerovo viloyati gubernatori Sergey Sivilyov bilan oila qurgan. 2018-yilda u Kuzbass rahbariga aylangan eridan Rossiyadagi eng yirik ko‘mir qazib oluvchi korxonalardan biri — “Kolmar”ning 70 foiz ulushini qo‘lga kiritgan.

Vladimir va Yevgeniy Putinlarning otalari — Vladimir Spiridonovich va Mixail Spiridonovich tug‘ishgan aka-ukalar bo‘lgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.