“Krokus Siti Xoll” o‘rnida xotira xiyoboni barpo etilishi mumkin

Фото: euromaidanpress.com

2024-yil 22-mart kuni terakt sodir etilgan “Krokus Siti Xoll” kontsert zali o‘rnida xotira xiyobori paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida gapirdi.

Vorobyovning so‘zlariga ko‘ra, xotira xiyobonining maydoni hozirda ko‘rib chiqilayotgan variantlardan biridir. Shu bilan birga, konsert zali ham restavratsiya qilinishi mumkinligi qayd etilgan.

“Bu xususiy mulk, shuning uchun bu yerda muayyan odobga rioya qilish kerak […] Lekin shu bilan birga, jamoatchilik fikri ham, bizning pozitsiyamiz ham, albatta, u yerda xotira xiyobonini qurish va tashkil etishni nazarda tutadi”, – deydi Vorobyov.

Qaror majmua egasi Crocus Group tomonidan qabul qilinadi. Teraktdan ko‘p o‘tmay, uning vakillari “Krokus Siti Xoll” restavratsiyasi va u yerda yodgorlik belgisi paydo bo‘lishini e’lon qilgandi. Teraktdan ikki oy o‘tib, yonib ketgan majmua hududida hech qanday ish olib borilmayapti, deya xabar beradi “RIA Novosti”.

Yong‘in o‘chirilganidan keyin ko‘p o‘tmay, konsert zali binosi yonida gullar va o‘yinchoqlardan iborat stixiyali yodgorlik paydo bo‘ldi.

22-mart kuni “Piknik” guruhining kontserti bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan konsert zali binosida sodir etilgan terakt va yong‘in natijasida 145 kishi halok bo‘lgan.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.