Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba iste’fo haqida ariza berdi

Фото: Украинская правда

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba iste’foga chiqish haqida ariza yozdi. Bu haqda Oliy rada spikeri Ruslan Stepanchuk ma’lum qildi.

Kulebaning arizasi eng yaqin kunlarda o‘tkaziladigan yalpi majlislardan birida ko‘rib chiqiladi, deya qo‘shib qo‘ydi Stepanchuk.

Kulebaning o‘zi iste’fosi yuzasidan izoh berganicha yo‘q. Ishdan bo‘shaganidan keyin u qanday lavozimni egallashiga aniqlik kiritilmayapti.

Kuleba tashqi ishlar vaziri lavozimini 2020-yil martidan buyon egallab kelayotgan edi. Uning iste’foga chiqishi ehtimoli haqida avvalroq “Ukrainskaya pravda” o‘z manbalariga tayanib xabar bergandi. Bunday qaror sabablariga aniqlik kiritilmagan, ammo uning o‘rnini katta ehtimol bilan tashqi ishalr vaziri birinchi o‘rinbosari Andrey Sibigu egallashi aytilgan edi.

Nashr manbalariga ko‘ra, Ukraina hukumatida boshqa iste’folar ham kutilmoqda. O‘zgarishlar vazirlar mahkamasi tarkibining qariyb yarmiga tegishli bo‘lishi mumkin.

3-sentabr kuni uch vazir va ikki nafar bosh vazir o‘rinbosari iste’fo berdi, bular: sstrategik sanoat tarmoqlari vaziri Aleksandr Kamishin, adliya vaziri Denis Malyuska, atrof-muhit himoyasi vaziri Ruslan Strelets, yevrointegratsiya bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Olga Stefanishina hamda bosh vazir o‘rinbosari va vaqtinchalik bosib olingan hududlar reintegratsiyasi bo‘yicha vazir Irina Vereshchuk.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.