Kursk oblastidan evakuatsiya qilingan aholining bir qismi Zaporojye oblastiga joylashtiriladi
Evakuatsiya qilingan Kursk oblasti aholisining bir qismi Zaporojye oblastining Rossiya tomonidan bosib olingan qismiga joylashtiriladi. Bu haqda Kursk oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov oblastning Rossiya tomonidan tayinlangan “rahbari” Yevgeniy Balitskiy bilan telefon suhbatidan so‘ng ma’lum qildi.
Yaqin kelajakda, uning so‘zlariga ko‘ra, odamlarni Zaporojyedagi vaqtinchalik joylashtirish markazlariga yetkazish uchun reyslar tashkil etiladi. Balitskiy shu maqsadda Azov dengizi sohilidagi, Berdyanskdan Kirillovkagacha joylashgan sanatoriylar va pansionatlardan foydalanishni taklif qildi.
Kursk oblastida Ukraina bilan chegaradosh beshta rayon, jumladan, Sudja va Belovskiy rayonlari aholisi evakuatsiya qilinmoqda. 13-avgust kuni Bolshesoldatskiy okrugi rahbari Vladimir Zaysev ham aholi evakuatsiya qilinishini e’lon qildi. Bu mintaqa Ukraina bilan chegaradosh emas, uning shimolida Ligovskiy va Kurchatovskiy rayonlari joylashgan.
“Vokzalga yetib keldik — poyezd jo‘nab ketdi. Hammamizni tashlab ketishdi!”, – deydi fuqarolardan biri. Janglar davom etayotgan Kursk oblastidan odamlarni evakuatsiya qilish qanday ketmoqda:
“Bizning hududda bugungacha hech kim evakuatsiya qilinmadi. Hamma o‘zi ketyapti, hech kim xalaqit bermadi. bugun biz evakuatsiyaga ehtiyoji bor barcha kishilar haqida ma’lumotlar to‘playapmiz, biroq ko‘p kishi qolganini tushunaman, ular ketishni xohlamayapti”, – deb yozadi Zaysev o‘z Telegram-kanalida. Shuningdek, u odamlarni ovqat va suvga muhtoj bo‘lsa, bu haqda yozishga chaqirdi.
Sharhlar