Rossiyalik mansabdorlarga hatto “do‘st” mamlakatlarga, shu jumladan O‘zbekistonga borish ham taqiqlandi

Фото: DW

Rossiyalik mansabdorlar uchun chet elga chiqish qoidalari kuchaytirildi, deb xabar beradi Reuters o‘z manbalariga tayanib. Bunga Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining xorijiy mamlakatlar davlat sirlarini qo‘lga kiritishga urinishi mumkinligi haqidagi xavotirlari sabab bo‘lgan.

Agentlik manbalariga ko‘ra, ushbu cheklovlar “biroz tartibsiz”, qoidalar maxfiy axborotdan foydalanish imkoniyati darajasiga qarab farq qiladi. Ba’zi mansabdorlarga esa FXX hatto “do‘st” mamlakatlarga tashrif buyurishni taqiqlashga urinmoqda.

“Siz may oyidagi bayramlarga hech qayoqqa, hatto, O‘zbekiston yoki Belarusga ham borolmaysiz. Ruxsat berilsagina borishingiz mumkin”, — dedi manbalardan biri.

Cheklovlar kuchaytirilishiga asosiy sabab rossiyalik amaldorlar chet elga safar chog‘ida milliy xavfsizlikka aloqador axborotni aytib qo‘yishi mumkinligi haqidagi xavotirlardir. Shuningdek, FXX fikricha, ba’zi davlat xizmatchilari qo‘lga olinishi, so‘ng G‘arb mamlakatlaridan biriga ekstraditsiya qilinishi yoki “sirlarni fosh qilish”ni ko‘zda tutuvchi bitim taklif qilinishi mumkin.

Manbalardan biri aytishicha, 2024-yil yanvarida Londonda Sevastopol sobiq gubernatori Dmitriy Ovsyannikov qo‘lga olingani ham cheklovlar kuchaytirilishiga yana bir sabab bo‘lgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.