Gonkongda odamning maymun gerpesiga chalinishi bilan bog‘liq ilk holat aniqlandi

обезьяна
Фото: Zerkalo

Gonkongda insonning B gerpesi (u maymun gerpesi deb ham ataladi)ga chalinishi bilan bog‘liq birinchi holat qayd etildi. Bu haqda Gonkong Sog‘liqni saqlash departamenti xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 37 yoshli erkak 21-mart kuni ahvolining yomonlashuvi va isitma (bezgak) shikoyatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Orqa miya suyuqligi tahlili maymun gerpesi virusiga nisbatan musbat natijani bergan.

Uning oila a’zolari ma’lum qilishicha, fevral oxirida u Gonkong shimoli-g‘arbidagi bog‘ga tashrif buyurgan vaqtida yovvoyi maymunlar uni tirnab olgan. Ayni paytda erkak intensiv davolanish bo‘limida yotibdi. Uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.

Qayd etilishicha, bu Gonkongda insonning B gerpesi bilan kasallanishi bilan bog‘liq birinchi tasdiqlangan holatdir. Bungacha ushbu virus bilan kasallanish holatlari AQSH, Kanada, qit’a Xitoyi va Yaponiyada kuzatilgan. Odamlar yovvoyi maymunlar tishlab yoki tirnab olishi natijasida kasallangan.

Virusni yuqtirishning ilk belgilari shamollash simptomlariga o‘xshaydi, ammo keyin kasallik rivojlanadi va markaziy asab tizimi zararlanishiga olib kelishi mumkin.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.