AQSH Rossiyada ishlab chiqarilgan alyuminiy, mis va nikel importiga taqiq qo‘ydi
AQSH Moliya vazirligining chet el aktivlari ustidan nazorat bo‘yicha boshqarmasi Rossiyada ishlab chiqarilgan alyuminiy, mis va nikel importiga taqiq kiritilishini e’lon qildi, deb yozadi Meduza. Tegishli hujjat idora saytiga joylangan.
Endi Amerika kompaniyalariga Rossiyada ishlab chiqarilgan metallar bilan operatsiyalar o‘tkazish, shu jumladan, ularning eksport va reeksportini amalga oshirish taqiqlanadi. Cheklovlar 2024-yil 13-aprelga qadar ishlab chiqarilgan Rossiya metallariga tegishli bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, AQSH va Buyuk Britaniya Rossiya alyuminiysi, misi va nikelidan jahon metal birjalarida foydalanishni cheklashga qaror qildi. Natijada London metallar birjasi (LME) va Chikago savdo birjasi (CME)ga 13-apreldan boshlab ishlab chiqarilgan Rossiya metallarini qabul qilish taqiqlanadi.
Buyuk Britaniya hukumati Rossiyada ishlab chiqarilgan mis, alyuminiy, nikel va boshqa ba’zi metallar importiga 2023-yil dekabrida taqiq qo‘ygan edi. Ammo bu cheklovlar London metallar birjasida Rossiya metallari savdosiga taalluqli bo‘lmagan edi.
Sharhlar