Fransiya Ukrainaga Mirage 2000 qiruvchi samolyotlarini taqdim etadi

Foto: defense.gouv.fr

Fransiya Ukrainaga harbiy yordam sifatida modernizatsiya qilingan Mirage 2000-5 qiruvchilarini yetkazib beradi. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron e’lon qildi, deb yozadi Meduza.

“Ertaga biz yangi hamkorlikni boshlaymiz va Ukrainaga o‘z yerlarini, havo hududini himoya qilish imkonini beradigan Mirage 2000-5 fransuz jangovar samolyotlari taqdim etilishini e’lon qilamiz”, — dedi Makron Fransiya OAVlariga bergan intervyusida. Kiyevga beriladigan fransuz jangovar samolyotlari soniga u aniqlik kiritmadi.

Bundan tashqari, Parij ukrainalik uchuvchilarni tayyorlash uchun olti oylik kurslarni tashkillashtiradi, shuningdek, 4500 harbiydan iborat ukrain brigadasini o‘qitishda ham qatnashmoqchi, dedi Fransiya prezidenti.

Fransiya va Ukraina prezidentlarining rasmiy muzokaralari bugun, 7-iyun kuni Parijda bo‘lib o‘tadi. Tomonlar Kiyevga mahalliy hukumat organlari va muhim infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash uchun kredit va grabtlar ko‘rinishida 650 million yevro ajratilishini ko‘zda tutuvchi ikkita bitimni imzolashi kutilmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.