Moskvada sud Boris Akuninni “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunni buzishda aybdor deb topdi
Moskvaning Taganskiy rayon sudi 16-avgust, juma kuni yozuvchi Boris Akuninni (asl ismi Grigoriy Chxartishvili) “xorijiy agent” faoliyati tartibini buzganlik uchun ma’muriy huquqbuzarlikda aybdor deb topdi. Bu haqda Moskva shahar umumiy yurisdiktsiya sudlarining Telegram kanali xabar beradi.
Sud Akuninni 30 ming rubl (taxminan 307 yevro) miqdorida jarimaga tortishga qaror qildi. Ilgari yozuvchi Rossiya Ichki ishlar vazirligining federal qidiruvga berilgan ro‘yxatiga kiritilgan va sirtdan hibsga olingan edi.
2014-yildan beri Londonda istiqomat qilayotgan Boris Akunin bir necha bor Rossiya hukumati va prezident Vladimir Putin siyosatini tanqid qilgan, shuningdek, Qrimning anneksiya qilinishi va Ukrainadagi urushni ochiq qoralagan.
Urush boshlanganidan keyin Rossiyada Akunin asarlari tsenzuraga uchradi. Uning asarlari asosidagi spektakllar afishalardan olib tashlandi va ko‘plab teatrlar spektakllarni bekor qildi. 2023-yil dekabr oyida nashriyotlar va kitob do‘konlari uning kitoblarini tarqatishni to‘xtatdi.
O‘sha yilning dekabr oyida “Rosfinmonitoring” yozuvchini “terrorchilar va ekstremistlar” ro‘yxatiga kiritdi va Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi unga qarshi Rossiya qurolli kuchlari to‘g‘risida “feyk ma’lumotlarni” tarqatish va terrorizm oqlash moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi..
2024-yil yanvar oyida Rossiya Adliya vazirligi Akuninni “xorijiy agentlar” reestriga kiritdi. Yozuvchi bu qarorga kinoya bilan munosabatda bo‘lib, o‘zini noqonuniy parkovka uchun jarima olgan bin Ladenga qiyosladi.
Sharhlar