Mozambikda vabo kasalligidan qochgan 90 kishi kema halokati oqibatida hayotdan ko‘z yumdi

Фото: Baza

Mozambik qirg‘oqlari yaqinida qo‘lbola kema halokatga uchrashi oqibatida 90 dan ortiq odam hayotdan ko‘z yumdi, ularning orasida bolalar ko‘p bo‘lgani aytilmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Mahalliy hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, qayta jihozlanib, yo‘lovchi kemasiga aylantirilgan baliqchi kemasida 130 ga yaqin odam bo‘lgan.

Ularning barchasi Nampula provinsiyasi yaqinidagi orolga yetib olishga uringan — shu tariqa, odamlar hududda avj olgan vabo kasalligidan qochmoqchi bo‘lgan. Biroq kemada haddan ortiq odam bo‘lgani sababli, u cho‘kib ketgan. Shuningdek, u yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallanmagan.

Ayni paytda qutqaruvchilar omon qolgan besh kishini topgan, qidiruv davom etmoqda, ammo ob-havo sharoitlari operatsiyani qiyinlashtirmoqda.

Mozambikda oktabrdan buyon suv orqali yuquvchi vabo kasalligiga chalinish bilan bog‘liq qariyb 15 mingta holat qayd etilgan, shularning 15 tasi o‘lim bilan tugagan. Nampula eng ko‘p jabrlangan hudud bo‘lib, unga barcha kasallanish holatlarining uchdan bir qismi to‘g‘ri keladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.