NATO Ukrainaga 40 mlrd yevrolik harbiy yordamni taqdim etadi
NATOning Vashingtondagi sammitida Ukrainaga yil davomida 40 milliard yevrolik harbiy ko‘mak taqdim etish haqida qaror qabul qilindi, deb yozadi DW alyansga a’zo mamlakatlar davlat va hukumat rahbarlari bayonotiga tayanib.
Qayd etilishicha, ushbu summa ichiga 2024-yil 1-yanvardan buyon ajratilgan mablag‘lar ham kiradi. Germaniya joriy yilda allaqachon Kiyevga 8 milliard yevrolik harbiy yordam berishni o‘z zimmasiga olgan.
Shuningdek, sammitda noyabrda AQSHda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida Donald Tramp g‘alaba qozongan taqdirda ham Ukrainaga ko‘mak berilishini kafolatlaydigan reja kelishib olingan.
Ushbu reja doirasida NATO tomonidan Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berilishi, shuningdek, ukrainalik askarlarning Yevropada o‘qitilishi endi alyansning Visbaden (Germaniya)dagi qarorgohi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
NSATU (Nato Security Assistance and Training for Ukraine) nomli yangi bosh qarorgoh, shuningdek, Ukrainaga Shimoliy Atlantika alyansi bilan yanada yaqinlashishda yordam beradi.
Sharhlar