Polsha prezidenti: Rossiya 2026-yilda NATOga hujum qilishi mumkin
Polsha prezidenti Anjey Duda CNBC kanaliga bergan intervyusida Rossiya 2026-yildayoq NATOga hujum qilishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu haqda u germaniyalik ekspertlar tomonidan tayyorlangan ma’ruzalardan birida o‘qigan.
“Yangi ma’ruzalar kelib tushmoqda, yaqinda esa germaniyalik ekspertlar yozgan bitta ma’ruzani ko‘rdim, unda aytilishicha, yaqin orada, ehtimol 2026 yoki 2027-yildayoq Putin o‘z iqtisodiyotini harbiy relslarga qo‘ygan holda shunchalik katta jangovar qudratga ega bo‘ladiki, hatto NATOga hujum qilaoladi”, — dedi Duda.
Polsha prezidenti fikricha, G‘arb 2026-yilga qadar Yevropa xavfsizligini maksimal darajada kuchaytirishi kerak, shu jumladan, o‘q-dori va qurol-yarog‘lar zaxiralarini oshirish orqali. Rossiya va Shimoliy Atlantika alyansi o‘rtasida harbiy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun shunday qilish zarur, dedi u.
Sharhlar