Aleksey Navalniyning advokati: “U asta-sekinlik bilan zaharlanayotgani haqida ogohlantirgan edi”
Aleksey Navalniyning advokati Olga Mixaylova Meduza’ga ma’lum qilishicha, koloniyada siyosatchi bilan uning suhbati yashirin tarzda tinglangan va shundan keyin u sirtdan hibsga olingan. Uning aytishicha, Navalniy 2023-yil yozidayoq asta-sekinlik bilan zaharlanayotganini ma’lum qilgan.
“Alekseyning o‘limidan sal avvalroq, 15-fevral kuni Basmanniy sudi sudyasi Natalya Dudar menga nisbatan hibsga olish shaklidagi oldini olish chorasini sirtdan joriy qildi. Ushbu choragi asos sifatida sudda taqdim etilgan bayonnoma 2023-yil 11-aprel kuni men koloniyaga Alekseyning yoniga kelgan vaqtimda u bilan bo‘lgan suhbatimizdan iborat edi. O‘shanda u menga shunday degan: “Jinniga o‘xshab ko‘rinishdan qo‘rqaman, lekin menimcha, bu yerda meni zaharlashyapti”. Men koloniyadan chiqishim bilan darhol Twitter’ga post qo‘ydim. Biz bosh prokurorga, Jazolarni ijro etish federal xizmatiga, inson huquqlari bo‘yicha mas’ul mansabdorga shikoyat arizalari berdik.
“Suhbatimizdan maxfiy yozib olingan ma’lumotlar — men, Olga Mixaylova “ekstremistik hamjamiyat” ishtirokchisi ekanimning dalili emish. Sudya Dudar menga oldini olish chorasini tayinlash zaruriyatini asoslash uchun yagona dalil sifatida shu bayonnomadan foydalandi. Har gal koloniyaga borganimizda biz olib borgan va olib chiqqan qog‘ozlarning barchasini suratga tushirishardi, bizdan birorta ham hujjatni musodara qilishmagandi”, — dedi advokat.
Olga Mixaylova 2000-yillardayoq Aleksey Navalniy bilan ishlashni boshlagan. U siyosatchini “Kirovlesa” va “Iv Roshe” ishlari bo‘yicha sud jarayonlarida, “ekstremistik tashkilot” yaratganlik haqidagi va boshqa ishlarda himoya qilgan. Navalniy “ekstremizm” haqidagi ish bo‘yicha 19 yilga “alohida rejim”dagi koloniyaga hukm qilingach, Mixaylova uning yoniga kelgan. 2023-yil oktabrida Aleksey Navalniyning besh nafar advokatiga qarshi “ekstremistik tashkilotda qatnashganlik” haqida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olga Mixaylovani hibsga olishga ulgurishmagan: rejalashtirilgan qo‘lga olish kuni u chet elda ta’tilda bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Jazolarni ijro etish federal xizmati Aleksey Navalniy 16-fevral kuni Yamal-Nenets muxtor okrugi Xarp qishlog‘idagi “Polyarniy volk” koloniyasida vafot etgani haqida xabar berdi. Muassasa ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi sayrdan keyin o‘zini yomon his qilib, darhol hushini yo‘qotgan. RT propaganda kanali manbasi qayd etishicha, uning o‘limiga tromb yorilishi sabab bo‘lgan. Koloniyada Aleksey Navalniyning onasiga u “to‘satdan o‘lim sindromi”dan vafot etganini aytishgan. Lyudmila Navalnayaga berilgan o‘lim haqidagi tibbiy xulosada o‘lim sababi sifatida “tabiiy sabablar” keltirilgan.
Avvalroq Britaniyalik aktyor Benedikt Kamberbetch Londondagi Qirollik Albert xoll sahnasidan Aleksey Navalniy o‘z o‘limidan bir oy oldin yozgan maktubini o‘qib eshittirgan edi.
Sharhlar