Navalniyning o‘limidan keyin Putin JIFX direktor o‘rinbosariga yangi unvon berdi

Rossiya Jazolarni ijro etish federal xizmati (JIFX) rahbari o‘rinbosari Valeriy Boyarinev ichki xizmat general-polkovnigi bo‘ldi, deb yozadi Meduza.

Boyarinevga yangi unvonni taqdim etish haqidagi farmon Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan 19-fevral kuni — siyosatchi Aleksey Navalniy koloniyada vafot etganidan keyin uch kun o‘tib imzolangan.

Valeriy Boyarinev JIFX direktori birinchi o‘rinbosari lavozimini 2022-yil iyulidan buyon egallab keladi. Bungacha u 2015-yildan JIFX rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, undan avval esa JIFXning qamoqxonalar va tergov izolyatorlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha boshqarmasini boshqargan.

Eslatib o‘tamiz, Yamal-Nenets okrugi bo‘yicha JIFX boshqarmasi 16-fevral kuni Navalniy koloniyada vafot etgani haqida e’lon qildi. Siyosatchining jasadi o‘lim yuz bergan holatni o‘rganish bahonasi ostida uning oilasiga berilmayapti.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.