“Rosneft” rahbari Igor Sechinning 35 yoshli o‘g‘li “tromb yorilishi”dan vafot etdi

Фото: Арбат

“Rosneft” rahbari Igor Sechinning o‘g‘li Ivan 35 yoshida vafot etdi. Bu haqda YuKOS sobiq rahbarlaridan biri Leonid Nevzlin meros ishlari reyestridagi qaydlarga tayanib xabar bergan.

Reyestrga ko‘ra, Ivan Sechin 5-fevral kuni vafot etgan. Uning o‘limi haqida ommaga xabar berilmagan.

“Mediazona” reyestrdagi qaydlarni tekshirib ko‘rib, u 1989-yilda tug‘ilgan va Moskvada Shvedskiy tupik, 3 manzilida istiqomat qilgan Ivan Igorevich Sechin nomiga rasmiylashtirilganiga ishonch hosil qildi. “RBK” ushbu binoni “Putinning safdoshlari uchun uy” deb atagan va u yerda Igor Sechin yashagani haqida yozgandi.

Ivan Sechinning o‘limi haqida “VChK-OPGU” anonim Telegram-kanali ham xabar berdi. Kanal manbasi da’vo qilishicha, kichik Sechin vafotining rasmiy sababi sifatida “tromb yorilishi” keltirilgan.

2014-yil martidan Ivan Sechin “Rosneft”da ishlagan. 2015-yil yanvarida Rossiya prezidenti Vladimir Putin kichik Sechinni “ko‘p yillik vijdonli mehnati” va “yoqilg‘i-energetika majmuasini rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasi uchun” II darajali “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni medali bilan taqdirlagan. O‘sha paytda u 25 yoshda bo‘lgan va shelfdagi qo‘shma loyihalar departamenti direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Ivan Sechin Moskva davlat universitetining iqtisodiyot fakultetini tugatgan, shuningdek, MDUning Moskva iqtisodiyot maktabida ham o‘qigan.

Igor Sechinning jami uch farzandi bo‘lgan — birinchi nikohidan qizi Inga va o‘g‘ri Ivan hamda ikkinchi nikohidan qizi Varvara.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.