Germaniya kansleri: “Baydenning qarori e’tirofga loyiq”
Germaniya kansleri Olaf Shols Jo Baydenning AQSH prezidentligi poygasidan chiqish qarorini qo‘llab-quvvatladi, deb yozadi DW.
“Mening do‘stim Jo Bayden o‘z mamlakati, Yevropa va butun dunyo uchun ko‘p narsaga erishdi. Uning sharofati bilan transatlantik hamkorlik jipslashdi, NATO kuchaydi, AQSH esa biz uchun yaxshi va ishonchli sherikka aylandi. Uning o‘z nomzodini ilgari surmaslik qarori e’tirofga loyiq”, — deb yozdi Germaniya kansleri X ijtimoiy tarmog‘ida.
Eslatib o‘tamiz, AQSH prezidenti Jo Bayden yangi muddatga qayta saylanishga harakat qilmasligini va prezident saylovidan o‘z nomzodini olib tashlashini ma’lum qildi. U muddat oxirigacha prezident lavozimida qolishini ta’kidladi. Bayden, shuningdek, o‘z vitse-prezidenti Kamala Xarrisni davlat rahbari saylovi uchun nomzod sifatida “to‘liq qo‘llab-quvvatlashi”ni bildirdi.
Shundan keyin AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodini qo‘yishga erishishini ma’lum qildi. Xarris Baydenning oq fotihasini olish uning uchun sharaf ekanini ta’kidladi.
Sharhlar