AQSH Niger poytaxtidan o‘z qo‘shinlarini olib ketdi

Foto: Stripes.com

Amerika qo‘shinlari Niger poytaxti Niameydagi bazadan chiqib ketishni yakunladi, deb yozadi “Kommersant”. 15-sentabrga qadar AQSH o‘z kuchlarini mamlakat shimolidagi Agades shahridan olib chiqishi kerak. Nigerda 950 ga yaqin amerikalik harbiylar bo‘lgan, ularning 766 nafari mamlakatni tark etgan.

“Niger Respublikasi Mudofaa vazirligi va AQSH Mudofaa vazirligi Niameydagi 101-aviatsiya bazasidan Amerika kuchlari va uskunalari olib ketilishi yakunlanganini e’lon qiladi”, — deyiladi qo‘shma kommyunikeda. Bazadagi marosimda Niger armiyasi shtab boshlig‘i Maman Sani Kiau va amerikalik general Kennet Ekman qatnashgan.

Mart oyida Niger hukumati AQSH bilan harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni bekor qildi. Aprelda Nigerga 100 nafar rossiyalik harbiy instruktorlar yetib keldi. May oyida Niger poytaxtida Rossiya bayrog‘i ko‘tarildi. O‘sha oyda Rossiya harbiy mutaxassislari AQSHning Nigerdagi bazasiga kirdi, shuningdek, mamlakatga Rossiyadan harbiy texnika yetib keldi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.