Oq uy Putinning Rossiya Baydenni afzal ko‘rishi haqidagi gaplariga javob qaytardi
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Rossiya Donald Tramp emas, AQSHning joriy prezidenti Jo Bayden bilan ish ko‘rishni afzalroq bilishi haqidagi bayonotiga javoban, AQSH Milliy xavfsizlik kengashida strategik kommunikatsiyalar koordinatori Jon Kirbi Moskvani AQSHdagi saylovlarga aralashishdan tiyilishga chaqirdi, deb yozadi “RBK”.
“O‘ylaymanki, janob Putin Rossiyaning butun dunyodagi salbiy ta’siriga va albatta Ukraina hududida amalga oshirayotgan xatti-harakatlariga qarshi turish uchun bu ma’muriyat nimalar qilayotganini juda yaxshi biladi. Janob Putin esa shunchaki bizning saylovlarimizdan uzoq turishi kerak”, — dedi Kirbi brifingda.
Avvalroq Putin AQSHdagi bo‘lg‘usi saylovlar yuzasidan izoh berar ekan, Rossiya har qanday Amerika prezidenti bilan iashlashga tayyorligini ma’lum qilgandi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bu lavozimda Amerikaning sobiq yetakchisi Donald Trampni emas, joriy prezident Jo Baydenni ko‘rishni afzalroq bilgan bo‘lardi. Jurnalist Pavel Zarubinning Rossiya qaysi AQSH prezidenti bilan ishlashni ma’qul ko‘rgan bo‘lardi, degan savoliga Putin: “Bayden”, — deb javob berdi. “U tajribaliroq, xatti-harakatlarini oldindan aytish mumkin bo‘lgan odam, u eski formatsiyadagi siyosatchi. Ammo biz Amerika xalqi ishonch bildiradigan har qanday AQSH yetakchisi bilan ishlaymiz”, — deya qo‘shib qo‘ydi Rossiya prezidenti.
Sharhlar