Pokistonda talaba WhatsApp orqali yuborgan xabarlari uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi
Pokistonda sud WhatsApp messenjeri orqali yuborilgan xabarlari tufayli 22 yoshli talabani shakkoklikda ayblab, o‘lim jazosiga hukm qildi, deb xabar beradi BBC. Panjob viloyati sudi sudlanuvchi musulmonlar diniy his-tuyg‘ularini haqoratlash maqsadida fotosurat va videolar bilan bo‘lishgan, deb topdi.
Shu ish bo‘yicha 17 yoshli o‘spirin umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Ularning ikkalasi ham ayblovlarni rad etmoqda. Pokistonda shakkoklik yoki dinni tahqirlash o‘lim bilan jazolanadi. Ba’zi gumonlanuvchilar ishlari sudga oshirilishidan oldinroq olomon qilib o‘ldirilgan.
Yigitlarning advokatlari ular “qopqonga tushib qolgani”ni da’vo qilmoqda. O‘limga hukm etilgan yigitning otasi Lahor Oliy sudiga apellyatsiya berishini ma’lum qilgan.
Shakkoklikka qarshi qonunlar birinchi marta Hindistonning britaniyalik hukmdorlari tomonidan o‘rnatilgan va 1980-yillarda Pokiston harbiy hukumati davrida kengaytirilgan.
Nashr eslatishicha, o‘tgan yil avgustida Pokiston sharqidagi Jaranvala shahrida ikki nafar nasroniy Qur’onni tahqirlashda ayblanganidan keyin o‘nlab cherkovlar va uylarga o‘t qo‘yilgan edi.
Sharhlar