Polsha TIV: Ukraina osmonida Rossiya raketalarini urib tushirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda
Polsha Tashqi ishlar vazirligi spikeri Pavel Vronskiy mamlakat o‘z havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlaridan ikki mamlakat chegarasi yaqinida Ukraina havo hududini himoya qilish uchun foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Ushbu masala bo‘yicha hozircha yechimlar yo‘q.
“Bu masala yuridik va texnik nuqtayi nazardan ko‘rib chiqilmoqda, biroq hech qanday qarorlar yo‘q”, — dedi Vronskiy. Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday iltimos bilan Polsha hukumatiga Ukraina tomoni murojaat qilgan. Polsha TIV spikeri so‘zlariga ko‘ra, ushbu imkoniyatni xalqaro huquq bo‘yicha ekspertlar va texnik mutaxassislar baholashi kerak.
Vronskiy qayd etishicha, Ukrainaga havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini berish haqida gap bormayapti, chunki bunday imkoniyat yo‘q. Shu bilan birga, havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlaridan Rossiya raketalarini yo‘q qilishda foydalanish 24-martdan keyin muhokama qilina boshlagan. O‘shanda Polsha havo hududiga “Rossiya uzoq aviatsiyasi” tomonidan uchirilgan raketa 39 soniyaga uchib kirgan edi.
20-may kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Reuters’ga bergan intervyusida NATO mamlakatlarini Ukrainaga Rossiya raketalarini urib tushirishda yordam berishga va Rossiya hududlariga hujumlarda G’arb texnikasidan foydalanishga ruxsat berishga chaqirgandi. Shuningdek, Zelenskiy ittifoq qo‘shinlarining Normandiyaga tushirilishining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarga boradi, u yerda u NATOdan Rossiya raketalarini urib tushirishni so‘ramoqchi.
Sharhlar