Putin birinchi marta Navalniyning nomini tilga oldi. Va uni ayirboshlashga rozi bo‘lganini aytdi

Foto: Clara Preve

Vladimir Putin Rossiya prezidenti saylovi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida birinchi marta Aleksey Navalniyning ismini tilga oldi, deb yozadi Meduza. U muxolifatchining o‘limini “qayg‘uli hodisa” deb atadi.

“Janob Navalniyga kelsak. Ha, u hayotdan ko‘z yumdi. Bu qayg‘uli voqea. Bizda ozodlikdan mahrum etish joylarida odamlar hayotdan ko‘z yumishi bo‘yicha voqealar avval ham kuzatilgan. AQSHda bunaqa bo‘lmagan, deysizmi? Ko‘p bo‘lgan”, — dedi Putin.

Shuningdek, u Navalniyni ayirboshlashga rozi bo‘lganini aytdi.

“Kezi kelganida aytishim kerakki, Navalniy hayotdan ko‘z yumishidan bir necha kun avvalroq menga ba’zi hamkasblarim — ular administratsiya xodimlari emas — janob Navalniyni G‘arb mamlakatlarida ozodlikdan mahrum etish muassasalarida bo‘lgan ba’zi odamlarga ayirboshlash g‘oyasi borligini aytgandi. Balki menga ishonmassiz, lekin men suhbatlashgan odam gaplarini tugatar-tugatmas, “roziman” dedim. Afsuski, bunaqa voqea bo‘lib qoldi. Men bitta shart bilan rozi bo‘lgandim: mayli, ayirboshlaymiz, lekin u qaytib kelmasin, o‘sha yoqda o‘tirsin, degandim. Ammo nima ham derdik, shunaqasiyam bo‘lib turadi”, — dedi Putin.

Eslatib o‘tamiz, 16-fevral kuni Rossiya Jazolarni ijro etish federal xizmati Aleksey Navalniy koloniyada vafot etganini ma’lum qildi. Siyosatchining safdoshlari uni o‘ldirishganini aytmoqda. Navalniyning onasiga berilgan o‘lim haqidagi xulosada u tabiiy sabablardan ko‘z yumgani qayd etilgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.