Putinning intervyusi Moskva teleefirida muvaffaqiyatsizlikka uchradi
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusi Moskvada teletomoshabinlar orasida katta qiziqish uyg‘otmadi, deb xabar beradi The Moscow Times.
Keng reklama qilingan va Kreml tomonidan “butun dunyo zo‘r ishtiyoq bilan tomosha qilingani” aytilgan intervyu 4 fevraldan 11 fevralgacha bo‘lgan bir haftalik eng ommabop teledasturlar o‘nligiga kirmadi. U barcha auditoriyalar (4+) ichida 3,2 foiz reytingga ega bo‘ldi va 11-o‘rinda joylashdi.
Teledasturni tomosha qilgan odamlarning o‘rtacha sonini aholiga nisbatan foizda hisoblaydigan reyting bo‘yicha, Rossiya prezidentining intervyusi SSSR davridagi jinoyatlar haqida hikoya qiluvchi “Sledstviye veli” hujjatli ko‘rsatuvi bilan bir xil darajada joylashdi. Mediascope reytingi bo‘yicha esa 12-o‘rinni egalladi.
9 fevral kuni Taker Karlsonning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan intervyusi chiqdi. X ijtimoiy tarmog‘idagi rolik allaqachon 200 million martadan ko‘proq tomosha qilindi. Intervyudan so‘ng Karlson Rossiya prezidenti Ukrainadagi nizoni tugatib, murosa qilishga tayyorligi haqida fikr bildirdi.
Keyinroq u Ukraina hatto G’arb mamlakatlari ko‘magida ham Rossiya bilan nizoda g‘olib chiqa olmasligini ta’kidladi.
Sharhlar