Braziliya sobiq prezidentiga Saudiya Arabistonining qimmatbaho sovg‘alarini o‘zlashtirish ishi bo‘yicha ayblov e’lon qilindi
Braziliya sobiq prezidenti Jair Bolsonaruga Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan hadya etilgan qimmatbaho bezaklarni o‘zlashtirish haqidagi ish doirasida ayblov e’lon qilindi, deb yozadi “Kommersant”. Ammo politsiya uni hibsga olish uchun order so‘ramagan.
Globo nashri xabariga ko‘ra, Jair Bolsonaru prezident lavozimini egallab turgan paytida uning yordamchilari Saudiya Arabistoni va Bahrayndan yuborilgan sovg‘alarning kamida to‘rttasini sotgan yoki sotishga uringan. Ular orasida 3,2 million dollarlik qimmatbaho taqinchoqlar ham bo‘lgan. Jair Bolsonaru davlat mulkini o‘zlashtirishda, jinoiy til biriktirishda va pul yuvishda ayblanmoqda.
Fevralda politsiya Bolsonaruga pasportini topshirish majburiyatini yuklagan edi. Shu tariqa, u ehtimoliy hibs arafasida mamlakatni tark etish imkoniyatidan mahrum etilgan. Undan avvalroq politsiya Bolsonaruning prezidentligi davrida vazir lavozimlarini egallagan shaxslarga aloqador ko‘chmas mulklarni tintuv qilish uchun orderni qo‘lga kiritgan.
Jair Bolsonaru 2019—2023-yillarda Braziliya prezidenti bo‘lgan. Davlat rahbari lavozimini u 2024-yil 1-yanvarda tark etdi. O‘z muddati tugashiga bir necha kun qolganida u AQSHga uchib ketdi. Shundan keyin saylov natijalaridan norozi bo‘lgan sobiq yetakchi tarafdorlari namoyishga chiqib Braziliya poytaxtidagi davlat organlari binolariga hujum uyushtirdi.
Sharhlar